Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda O‘zbekiston Boks federatsiyasi bilan hamkorlikda boks bo‘yicha Terma jamoa murabbiylari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Mahmudjon Boltabayev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Noryigit Dusanov, boks bo‘yicha O‘zbekiston Terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, Terma jamoaga jalb etilgan kubalik tajribali murabbiylar Xuan Enrike Steyners Tissert, Karlos Ivan Fuentes Villanueva, Xulio Li Echavarria, Osiyo, jahon va Olimpiyada chempionlari va sovrindorlaridan Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov, universitet Boks, qilichbozlik nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri Yura Serebryakov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida universitet rektori tashkil etilayotgan bunday mahorat darslari har jihatdan muhim ekanligini ta’kidlab, xorijiy mutaxassislarga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Shundan so‘ng, mutaxassislar tomonidan O‘zbek va Kuba boks maktablarining o‘zaro bog‘ilq va farqli jihatlari, mazkur sport turining rivojlanishida oldinga qo‘yilgan maqsad-vazifalar, tajribali murabbiy bo‘lishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi, shuningdek, boks sport turini tanlagan har bir sportchi nafaqat jismoniy jihatdan, balki aqliy jihatdan ham yetuk bo‘lishi zarurligi kabi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Yakunda esa talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.