Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Kurash fakultetining Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori, 1-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, mehnat faxriysi va 63 yildan buyon ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan Tal’at Usmonxo‘jayevning 90 yilligiga bag‘ishlangan “Milliy sport turlari, etnosport va uning nazariy-amaliy muammolari” mavzusida Xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori I.Ahmedov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor B.Musayev, Jismoniy tarbiya, sport nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professori F.Kerimov, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan respublika va xorijiy mutaxassislar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.
Anjumanni dastlab Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor B.Musayev universitet rektori M.Boltabayevning kirish so‘zi hamda samimiy tabriklarini yetkazishdan boshladi. Shundan so‘ng bir qator anjuman ishtirokchilari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida etnosport turlarini rivojlantirish imkoniyatlari”, “Yuqori malakali sportchilarni tayyorlashda milliy va harakatli o‘yinlarning o‘rni”, “Raqamli texnologiyalarning jismoniy tarbiya va zamonaviy sport sohasidagi konstruktiv roli” singari turli mavzular doirasida taqdimotlar qilindi. Konfrensiya davomida professor T.Usmonxo‘jayevga ham so‘z berildi va yig‘ilganlarga e’tibor uchun tashakkur bildirib, anjuman haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Yakunda esa professorning ko‘plab shogirdlari tabrik uchun so‘zga chiqishdi hamda o‘zlarining esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
O‘zDJTSU axborot xizmati