Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalari Olimpiadasi” kompleks sport musobaqalari tayyorgarlik doirasida sport turlari bo‘yicha mandat va qur’a tashlash marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda musobaqalarda ishtirok etuvchi jamoalar vakillari, murabbiylar, hakamlar hamda mas’ul tashkilotchilar qatnashib, musobaqalarni o‘tkazish tartibi, reglament talablari va tashkiliy masalalar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Mandat komissiyasi tomonidan jamoalarning hujjatlari ko‘rib chiqilib, ishtirokchilarning musobaqa nizomiga muvofiqligi tekshirildi. Shundan so‘ng yengil atletika, gandbol, voleybol va futbol sport turlari bo‘yicha qur’a tashlash marosimi o‘tkazilib, jamoalarning bellashuv tartibi hamda musobaqa jadvali aniqlandi.
Mazkur jarayon musobaqalarning adolatli, shaffof va yuqori saviyada tashkil etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.