Hamkorlikning yangi bosqichi: Sian jismoniy tarbiya universiteti va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rtasida ilmiy-tadqiqot hamkorligi yo‘lga qo‘yildi
🟡2026-yil 22-may kuni Sian jismoniy tarbiya universiteti hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rtasida ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv va hamkorlik memorandumini imzolash marosimi muvaffaqiyatli tashkil etildi. Tadbir doirasida qo‘shma tadqiqot markazini tashkil etish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
🔶Shuningdek, uchrashuv davomida doktorantura dasturlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, ikki universitet o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
📑Tadbirda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Bayazitov Kamil Faritovich hamda Strategik rivojlanish, xalqaro aloqalar va reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Burnashev Rashid Axadovich, shuningdek, Sian jismoniy tarbiya universiteti vitse-prezidenti Xie Ying, Tadqiqot bo‘limi direktori Chjan Syaoli, Xalqaro almashinuv va hamkorlik idorasi direktori o‘rinbosari Guo Vey hamda tegishli bo‘lim rahbarlari ishtirok etdilar.
⚡️Marosim davomida ikki universitet vakillari tomonidan qo‘shma tadqiqot markazining ramziy ochilish marosimi o‘tkazildi hamda ilmiy hamkorlik bo‘yicha kelishuv hujjatlari imzolandi. Kelishuvga muvofiq, tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, akademik dasturlarni rivojlantirish va ilmiy resurslar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
➡️Shundan so‘ng O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun xorijda ta’lim olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda o‘quv dasturlari, qabul talablari, kreditlarni tan olish tizimi va akademik almashinuv imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
🗣️Mazkur uchrashuv va hamkorlik tashabbuslari ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelgusida tomonlar qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy innovatsiyalar, sport ta’limi va xalqaro akademik almashinuv yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.