Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti O‘zbek va chet tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan o‘zbek she’riyatining yorqin namoyondasi, xalq qalbining tarjimoni, betakror iste’dod sohibi Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan “Ulug‘imsan Vatanim” nomli adabiy-badiiy, musiqiy kecha yuqori saviyada tashkil etildi.
⚡️ Mazkur tadbir adabiyot ixlosmandlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarni birlashtirib, milliy ruh va ma’naviy qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Kecha davomida Muhammad Yusuf ijodining mazmun-mohiyati, uning she’rlarida aks etgan Vatanga muhabbat, xalq dardi, sadoqat va samimiyat tuyg‘ulari alohida ta’kidlab o‘tildi.
👦Tadbirda iste’dodli shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Behzod Fazliddin mehmon sifatida ishtirok etib, o‘zining samimiy chiqishlari, she’riy mulohazalari bilan yig‘ilganlarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Shoir tomonidan aytilgan fikrlar yosh avlodni ijodga, kitobxonlikka va milliy qadriyatlarni qadrlashga undadi.
📑Adabiy-badiiy kecha davomida shoir ijodidan sara namunalar o‘qildi, dilga yaqin she’rlar ifodali tarzda ijro etildi. Shuningdek, kuy-qo‘shiqlar, jonli ijrolar va talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Har bir chiqish orqali Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalari chuqur tarannum etildi.
🟡Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bunday ma’naviy-ma’rifiy kechalar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni milliy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida e’tirof etildi. “Ulug‘imsan Vatanim” nomli ushbu kecha nafaqat adabiy, balki tarbiyaviy jihatdan ham boy va mazmunli bo‘lib, barchada unutilmas taassurot qoldirdi.