Bugun, 23-aprel kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi yuqori saviyada tashkil etildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-414-son, “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarori va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi orqali universitet bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko‘maklashish, ularning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Aynan shu ezgu maqsadlar asosida talabalarning bilimi va o‘zlashtirish darajasiga qo‘yiladigan talablarni mehnat bozori talablari asosida belgilash maqsadida ushbu tadbir tashkil etildi.
✅ Tadbir universitet rektori, professor R.Matkarimov tomonidan tantanali ravishda ochib berildi. Shundan so‘ng, Chirchiq shahar hokimi M.Abdurahimov, so‘zga chiqib, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilishi hamda kelajakda to‘g‘ri hayot yo‘lini tanlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek, tadbirda Toshkent viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i R.Bobokulov hamda Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati R.Dastirovlar ham so‘zga chiqib, bitiruvchi kurs talabalari uchun kasb tanlash, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish hamda shaxsiy va kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan muhim tavsiyalar va ma’lumot berdilar.
⏺Oʻz navbatida ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga universitet tomonidan Joriy oʻquv yilida universitetni tamomlayotgan jami 1934 nafar (kunduzgi ta’limda 756 nafar, sirtqi ta’limda 1130 nafar, magistratura bosqichida 46 nafar) bitiruvchi kurs talabalari haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.
➡️Ushbu tadbirda qatnashgan Sport vazirligi tizimidagi tashkilotlar (37 ta) oʻzlarining 252 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Oʻzbekiston karateni rivojlantirish markazi va paralimpiya (2 ta) markazi 50 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan (22 ta) umumiy oʻrta ta’lim maktablari 48 ta boʻsh ish oʻrni va Chirchiq shahar hokimligi tomonidan tashrif buyurgan 2 ta tashkilot 44 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
📱Tadbir doirasida Sport vazirligi tizimidagi hududiy boshqarmalar, shuningdek, Jizzax viloyati sport boshqarmasi, Andijon viloyati sport boshqarmasi hamda Toshkent viloyati sport boshqarmasi boshliqlari, Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish sho‘basi rahbarlari ishtirokida universitet bitiruvchilari bilan ochiq muloqot va amaliy uchrashuv “workshop” ham tashkil etildi.
📝Mazkur tadbirda jami 63 ta hamkor tashkilot va muassasalar ishtirok etdi. “Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri yakunlari boʻyicha ish beruvchi tashkilotlar tomonidan 394 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashib, universitet talabalariga ishga joylashish, amaliyot oʻtash uchun yoʻllanmalar berishdi.
✔️Bir so‘z bilan aytganda, ushbu “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi universitet bitiruvchi kurs talabalarining ish bilan ta’minlanish darajasi yuqori bo‘lishiga xizmat qiladi.