2026-yil 14-aprel kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ilmiy-tadqiqot markazi tarkibidagi Sport biomexanikasi laboratoriyasida O‘zbekiston ayollar milliy boks terma jamoasi a’zolari ishtirokida kompleks ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
🔬 Tadqiqot jarayoniga yuqori malakali, jumladan aksariyati xalqaro toifadagi sport ustasi bo‘lgan bokschilar jalb etildi. Jarayon zamonaviy sport ilm-fani talablariga muvofiq kompleks yondashuv asosida tashkil etilib, har bir sportchi individual tarzda 12 xil zarba texnikasi hamda umumiy jismoniy holati bo‘yicha baholandi.
🔺Tadqiqot biomexanik, fiziologik va neyromotor ko‘rsatkichlarni bir vaqtning o‘zida aniqlash imkonini beruvchi integratsiyalashgan protokol asosida olib borildi.
🧪 Qo‘llanilgan zamonaviy uskunalar:
“3DMA & Motive” tizimi – harakatlarning 3D biomexanik tahlili, zarba fazalari va bo‘g‘imlar kinematikasini aniqlash;
Instrumentlashtirilgan boks qopi – zarba kuchi, tezligi va aniqligini baholash;
QuickBoard – neyromotor chaqqonlik, reaksiya tezligi va koordinatsiyani o‘lchash;
Tanita RD-545 – tana tarkibi (mushak massasi, yog‘ foizi, suv balansi) tahlili;
Dinamometr – panja kuchini aniqlash;
SP80B Spirometer – nafas olish tizimi funksional imkoniyatlarini baholash;
GAIFU DADI SPEED 6+ – tezlik va reaksiya ko‘rsatkichlarini aniqlash.
📄 (https://x.com/uzdjtsu_rasmiy) Aniqlangan asosiy ko‘rsatkichlar:
🟢zarba vaqtida bo‘g‘imlar harakat trayektoriyasi va burchak tezliklari;
🟢kuch generatsiyasi va impuls uzatilishining kinematik zanjiri;
🟢dominant va nondominant oyoqlar o‘rtasidagi funksional assimetriya;
🟢zarba kuchi va aniqligi bilan neyromotor koordinatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik;
🟢sportchining umumiy funksional holati (kuch, chidamlilik, tezkorlik va reaksiya).
✅ Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati:
🟢individual texnik kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish;
🟢zarba texnikasini biomexanik jihatdan optimallashtirish;
🟢jarohatlanish xavfini kamaytirish;
🟢sportchilarning tayyorgarlik darajasini ilmiy monitoring qilish;
🟢individual mashg‘ulot dasturlarini ishlab chiqish.
☑️ Mazkur ilmiy-amaliy tadqiqot sport biomexanikasi, neyromotor nazorat va funksional diagnostika yo‘nalishlarini integratsiyalashgan holda qo‘llash orqali ayol bokschilar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv xalqaro sport ilm-fani standartlariga to‘liq mos bo‘lib, milliy terma jamoamiz sportchilarining raqobatbardoshligini oshirishda muhim ilmiy asos vazifasini bajaradi.