Musobaqa universitet rektori Rashid Matkarimov tomonidan ochib berilib, Milliy an’ana va qadriyatlarga asoslangan zamonaviy sport turlarining yaratilishi xalqaro maydonda vatanimiz dovrug‘ini yanada keng taratishga hissa qo‘shayotgani, birgina kurashning zamonaviy sport turi sifatida xalqaro maydonga chiqishi xalqimiz g‘ururini yuksaltirgan bo‘lsa, o‘zbek jang san’atining ommalashishi mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport harakatida o‘ziga xos voqelik bo‘layotgani va juda tez ommalashayotgani haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, marosimda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda “O‘zbek jang san’ati”ning nufuzi kundan kunga ortib borayotgani yurtimizda ushbu sport turi bo‘yicha bir millionga yaqin yoshlar shug‘ullanayotgani, shu bilan bir qatorda ko‘plab xorijiy davlatlarda ushbu sport turiga qiziquvchilar soni muntazam ortib borayotgani haqida gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng, musobaqa jarayonlariga start berildi. Bunda Respublikamizdan tashrif buyurgan 900 nafarga yaqin ishtirokchilar o‘rtasida “Kompleks mashq, temuriylar jang usuli, ko‘rgazmali chiqish, Assalom tong” yo‘nalishlari bo‘yicha jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ertangi, oxirgi kungi bahslarida “Kompleks mashq, temuriylar jang usuli, ko‘rgazmali chiqish, Assalom tong” yo‘nalishlari bo‘yicha yakkalik va juftlikdagi bahslar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.