#jadidchilik_namoyondasi
#Mahmudxo'ja_Behbudiy_150_yilligi
Ayni kunlarda respublikamizdagi barcha ta’lim maskanlarida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda.
Xususan, 27-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Universitet rahbariyati, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqanlar Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etganligini alohida qayd etishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Behbudiy mamlakatda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar qurish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator salmoqli asarlar va 200 dan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pyesasi orqali hududda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi.