Ma’lumki, so‘nggi yillarda Yer yuzida turli ko‘rinishdagi ekologik muammolar global tus olib, tabiat muvozanatiga, insoniyat salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, chiqindi masalasi ham tobora globallashib borayotgan ekologik muammolarning katta bir bo‘lagidir.
Xususan, aksariyat davlatlarda ishlab chiqarish sohasi keskin rivojlanishi oqibatida, yirik hajmda chiqindilar hosil bo‘lmoqda. Ushbu global muammoni bartaraf etish yuzasidan bugungi kunda chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirish, ularning katta qismini qayta ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, chiqindilarning qayta ishlanishi, avvalo, tabiat uchun katta foyda. Qolaversa, bu orqali arzon xom ashyoga ega bo‘lish va tabiiy resurslarni tejash mumkin.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori, O‘zbekistonda ham 15 noyabr — Butunjahon chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash kuni sifatida yuqoridagi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyat, davlat hamda sanoat tuzilmalarining e’tiborini chiqindilar masalasiga, atrof-muhitning ifloslanishi hamda cheklangan resurslar muammosiga qaratishdan iboratdir.
Shunday ekan, chiqindilar masalasida har bir fuqaroning ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini uyg‘otish, chiqindini saralab chiqarishga o‘rgatish lozim! Bu esa, Ona tabiatni asrash va uni sof holda kelgusi avlodlarga yetkazishning eng muhim shartidir!