Bu yilgi qitʼa kubogida 84 ta erkaklar jamoalari gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimizning 3 nafar mahoratli shaxmatchilari ishtirok etganligi oʻziga xos voqelik boʻldi.
2024-yil 26-oktabr kuni bahslarining soʻnggi 7-turida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov ishtirok etgan "SuperChess" jamoasi musobaqa peshqadami "Novy Bor Chess Club" jamoasi bilan kuch sinashdi. Abdusattorov qora donalarda germaniyalik Vinsent Keymer, Sindarov vyetnamlik Van Tay Nguyen bilan durangga erishgan boʻlsa-da jamoasini magʻlubiyatdan qutqara olmadi. Hisob 2,5:3,5 koʻrinishida "Novy Bor Chess Club" foydasiga hal boʻldi. Bu esa "SuperChess"ni sovrindorlar qatoridan joy egallashini yoʻqqa chiqardi. Nodirbek Yoqubboyevning "TAJFUN-ŠK Ljubljana" jamoasi 7-turda "Sentimento Ajka BSK" bilan (3:3) murosa yoʻlini tanladi. Ushbu turda Yoqubboyev serbiyalik xalqaro grossmeyster Aleksey Saranani magʻlub etdi.
Oʻyinlar sarhisobiga koʻra, Abdusattorov va Sindorov jamoasidan ustun kelgan "Novy Bor Chess Club" jamoasi 13 ochko bilan Yevropa kubogi sohibi boʻldi. 2-oʻrinni 12 ochkoga ega "Alkaloid" jamoasi egalladi. 11 ochko jamgʻargan "Vados Chess Club" qoʻshimcha koʻrsatkichlar bilan 3-oʻrindan joy oldi. Yoqubboyev sharafini himoya qilgan "TAJFUN-ŠK Ljubljana" jamoasi 5-oʻrinni "SuperChess" esa 10 ochko jamgʻarganlar orasida eng yaxshi natija evaziga 7-pogʻonani egalladi.