Xalqaro voleybol federatsiyasi(FIVB) 2025-yili 19 va 21 yoshgacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatlarini qabul qiladigan mamlakatlar ro‘yxati va musobaqalar sanasini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 19-yoshgacha bo‘lgan qizlar jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionati 3-13 iyul kunlari Xorvatiya va Serbiya davlatlarida tashkil etilsa, 19 yoshgacha bo‘lgan yigitlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga poytaxtimiz Toshkent mezbonlik qiladi.
Mamlakatimizda tashkil etiladigan jahon chempionati bahslari 24-iyul-3-avgust kunlari bo‘lib o‘tishi FIVBning 2025-yilgi taqvim rejasida belgilandi. Poytaxtimiz mezbonligida kechadigan jahon chempionati bahslarida 24 ta jamoa ishtirok etadi. Qur’a tashlash marosimi joriy yilning 24-dekabrida bo‘lib o‘tadi.
FIVB ma’lumotiga binoan 21 yoshgacha bo‘lgan ayollar jamoalari o‘rtasidagi jahon chempionati kelgusi yilning 7-17-avgust kunlari Indoneziyada, ushbu yosh toifasidagi erkaklar jamoalari o‘rtasidagi dunyo birinchiligi esa 18-31 avgust kunlari Xitoyda tashkil etilishi nazarda tutilgan.