#kurash #onlayn_kurs
Joriy yilning 12-oktabr kuni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro kurash instituti va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Afrika Kurash Konfederatsiyasi tomonidan Afrika kurash ittifoqi tarkibidagi barcha kurash federatsiyalari mutaxassislari uchun “Bir oylik intensiv onlayn kurs” ning navbatdagi oʻquv-mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.
Seminarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Xalqaro kurash instituti rahbariyati va ekspertlari, professor-oʻqituvchilar, kafedra talabalari, ZOOM platformasi orqali 40 nafardan ziyod afrikalik kurash mutaxassislari hamda OAV lari vakillari ishtirok etdilar.
Toʻrt haftalik onlayn seminar xorijiy mutaxassislar uchun ingliz va fransuz tillarida olib borilmoqda. Kurs davomida kurashda hakamlik va murabbiylik qoidalari nazariy va amaliy treninglar hamda multimedia shaklida toʻliq oʻrgatiladi. Seminar yakunida ishtirokchilar va universitet kurashchi talabalari oʻz bilimlarini IKI mutaxassislari oldida sinovdan oʻtkazish, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga toʻliq javob olish imkoniga ega boʻldilar.