Dushanbeda shiddatli bahslarga boy tarzda davom etayotgan dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining ortda qolgan ikkinchi kungi bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 5 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan umum jamoada yakka peshqadamga aylanib oldi.
Kecha jahon chempionatining o‘tkazilgan bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Mardon Ravshanov -73 kilogramm og‘irlikdagi saralash bahslarida barcha raqiblarini tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi va bronza medali uchun kechgan kurashda italiyalik Manuyel Parlatini vazari bahosi evaziga mag‘lub etib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mahoratli dzyudochimizning ushbu g‘alabasi evaziga O‘zbekiston terma jamoasi umum jamoada 2 ta bronza medali hisobiga 67 ta davlat orasida 7-o‘rindan joy egallashini ta’minladi.
Bitta oltin, bitta kumush medalga sazovor bo‘lgan Xitoy vakillari 2-o‘rinda, 1 ta oltin, 1 ta bronza medalga ega chiqqan braziliyalik yosh dzyudochilar jamoasi 3-o‘rinni, shuningdek 1 tadan kumush va bronza jamg‘argan Tojikiston, 2 ta bronza medal sohiblari Braziliya va O‘zbekiston keyingi pog‘onalarda bormoqda. Bugungacha 67 ta davlat terma jamokalarining11 ta si u yoki bu darajadagi sovringa egalik qilayotganligi 56 ta milliy terma jamoalarning birontasiga hali sovrin nasib etmagan chempionat natijalar holatidan ham ko‘rinib turibdiki, shiddatli va o‘ta murakkab tarzda davom etmoqda.
Jahon chempionatining navbatdagi kunlarida o‘g‘il bolalar -81, -90,-100 va +100 kilogrammda, qizlar -70, -78 va +78 kilogramm vaznlarda hamda aralash jamoaviy bellashuvlarda g‘oliblik uchun kurash olib borishini nazarda tutsak, asosiy bahslar oldinda ekanligi oydinlashadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqalarning so‘nggi bahslari 5-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.