#uchrashuv
Bugun, 21-iyun kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Yoshlar oyligi” doirasida mahalla yoshlari bilan “Rektor va yoshlar uchrashuvi” tadbiri o‘tkazildi.
Unda universitet rektori Rashid Matkarimov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Sherzod Mirzanov, tegishli bo‘lim rahbarlari, kafedra mudirlari, universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari hamda Chirchiq shahar Iftixor MFY Yoshlar yetakchisi va ota-onalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda universitet rektori yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularni qoʻllab-quvvatlash darajasi kun sayin ortib borayotgani va oʻgʻil-qizlar uchun koʻplab imkoniyatlar eshigi ochilayotgani haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, OTM va mahalla hamkorligi tamoyili bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilib, mahalla yoshlarining bandligini ta’minlash, ularning orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilgan holda, universitetdagi mavjud sport to‘garaklariga jalb qilish va oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
O‘z o‘rnida mahalla yoshlarining qiziqishlari va takliflaridan kelib chiqib ular tegishli kafedralarga biriktirildi hamda mas’ullarga zaruriy ko‘rsatmalar belgilab berildi.
Yakunda yoshlar oliy ta’lim maskanida barpo etilgan sport inshootlari bilan yaqindan tanishib, ayni damda universitetda U17 o‘smirlar o‘rtasida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatini jonli tomosha qilishdi.