#xizmat_safari
Xabar berganimizdek, joriy yilning 15-mart kuni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor R.M.Matkarimov, universitetga jalb etilgan Germaniyaning Kyoln sport universiteti professori G.V.Korobeynikov, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti professor F.A.Kerimov hamda Sportchilarni funksional va psixodiagnostika qilish laboratoriyasi mudiri R.A.Burnashevdan iborat ishchi guruhi tomonidan Andijon va Fargʻona viloyatiga xizmat safari uyushtirildi.
Safar davomida Andijon Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bitiruvchi talaba-sportchi va ularning murabbiylari bilan uchrashuv bo‘lib oʻtdi. Unda sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish, sportchilarga ilmiy koʻmaklashish va Prezidentimizning sohadagi islohotlari boʻyicha soʻz yuritildi.
Oʻz navbatida ishchi guruh boks, kurash va ogʻir atletika boʻyicha oʻtkazilgan amaliy mashgʻulotlarni oʻrganib "Universal" sport majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa universitet rektori Rashid Matkarimov boshchiligidagi olimlar safarni oliygohning Fargʻona filialida davom ettirdi. Filialda ilmiy izlanuvchi va tadqiqotchilar, professor-oʻqituvchilar va talabalar bilan bugungi kun sporti va ilmi haqida suhbat boʻlib oʻtdi.
Suhbat davomida sport mutaxassislari va kadrlarga boʻlgan ehtiyoj, ilmiy tadqiqot jarayonlaridagi muammolar, yurtimiz sporti va xalqaro standartlardagi bogʻliqlik, tizimdagi oʻzgarishlar, sunʼiy intellekt orqali sport ilmini rivojlantirish haqida dolzarb maʼlumotlar berildi.
Yakunda ishchi guruh vakillari filialning sport majmuasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan loyihalar va obyektlar bilan tanishdilar.
Xizmat safari davom etmoqda.