Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ingliz tiliga qiziquvchi ustoz-murabbiylar hamda talaba-yoshlar uchun “Ingliz tili hammaga kerak” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar “Easy one” onlayn maktabi rahbari Abror Turayev tomonidan o‘ziga xos va interaktiv tarzda olib borildi. Shuningdek, mutaxassis ingliz tilini qanday va qancha vaqtda o‘rganish mumkinligi, uni o‘rganish uchun qaysi usullar samarali ekanligi hamda IELTS va boshqa turdagi til bilish darajasini beruvchi sertifikatlar mazmun-mohiyati nimadan iboratligi kabi savollarga hayotiy misollar yordamida atroflicha javob berdi.
Qayd etish kerakki, munozaralarga boy bo‘lgan mazkur seminar talabalarning ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qildi.