Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygohning surxondaryolik bitiruvchi kurs talabalari va Surxondaryo viloyati Yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati Yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Arabov, viloyatning sport ta’lim muassasalari direktorlari, universitet Yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Sh.Mirzanov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Xodjayev, fakultetlar dekanlari, kafedra mudirlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida talabalarga ma’sullar tomonidan Surxondaryo viloyatidagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar keltirildi hamda ularda ish boshlash borasida zaruriy ko‘rsatmalar berildi. O‘z o‘rnida talaba-yoshlar ham bir qancha savollar bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javoblar olishdi.
Shu alohida qayd etish kerakki, 2022-2023 o‘quv yilini bitirayotgan jami 345 nafar bitiruvchilarning 73 nafari mazkur uchrashuv yakunida uch tomonlama shartnoma tuzishga erishdi.