Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Sportni boshqarish va turizm fakulteti tashabbusi bilan “Otalarga ehtirom” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-musiqiy tadbir tashkil etildi.
Dastlab, respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 200 dan ortiq ota-onalarga oliygohda ularning farzandlari taʼlim olishi hamda yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida universitet hududi bo‘ylab kichik ekskursiya tashkil etildi. Tabiiyki, ota-onalar talabalarga yaratilgan sharoit va o‘quv jarayonlarining samarali olib borilishini ko‘rib, bundan mamnun bo‘lishdi.
Shundan so‘ng, otalarga bag‘ishlangan tadbir boshlanib, uni fakultet dekani A.Tillyaxodjayev, Yoshlar bilan ishlash maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i R.Babajanovlar ochib berdi. Tadbir davomida esa talaba-yoshlar tomonidan maromiga yetkazib tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, ifodali o‘qilgan sheʼrlar va o‘ziga xos tarzda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchada yorqin taassurot qoldirdi.
Yakunda universitet rahbariyati tomonidan shunday namunali, iqtidorli hamda tashkilotchi farzandlarni voyaga yetkazgani uchun barcha otalaru onalarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.