Tajribali Kurash mutaxassisi Kim Eur Joong Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Seok-Yol tomonidan maqtov yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosmi Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Kim, Hee Sang tomonidan yorliqning asl nusxasi Koreyalik Kurash fidoyisiga tantanali topshirildi.
Maqtov yorlig‘ida jumladan shunday so‘zlar bor: “Erkinlik va demokratiyaning asosiy tartibi asosida tinch yo‘l bilan birlashtirish faoliyati orqali Koreya yarim orolini erkin, tinch va farovon qilishga qo‘shgan hissangiz maqtovga sazovor. Prezident Yun Seok-Yol”.
Kim Eur Joong Dunyoda Kurashni rivojlantirish, yosh va tajribali hakamlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirgan kurash mutaxassisidir. U uzoq yillar Koreya Kurash assotsiatsiyasi Prezidenti, Osiyo–Okeaniya Kurash konfederatsiyasi vitse–Prezidenti, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Hakamlik qo‘mitasi Raisi sifatida faoliyat olib borgan.
Ayni kunlarda Xalqaro Kurash instituti eksperti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faxriy professori, mazkur oliygohning Milliy Kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida Kurashning ilmiy asoslari, Kurash hakamligi nazariyalarini tadqiq qilmoqda.
Uning muallifligida Kurash hakamligi bo‘yicha ko‘plab o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, kitoblar hamda video darsliklar tayyorlangan.