Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga paralimpiya o‘yinlarining 13 karra g‘olibi, 18 karra jahon chempioni, 43 karra Yevropa g‘olibi, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, VIII chaqiriq RF Federal kengashi Davlat Dumasi deputati, Rima Akberdinovna Batalova tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida mehmon universitetda o‘tkazilayotgan “Yashil makon” loyihasi asosida amalga oshirilayotgan ko‘chat ekish jarayonlarida qatnashdi. Shundan so‘ng, Rima Batalova ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi prezidenti A.G‘aniyev, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Q.Jo‘rayev, O‘zbekiston Belbog‘li kurash federatsiyasi raisi R. Dastirov, Chirchiq shahar hokim o‘rinbosari Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Y.Jumayeva, universitet prorektorlari, Paralimpiya va Kurash fakulteti dekanlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talabalar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida faxrli mehmon o‘zining qo‘lga kiritgan yutuqlari hamda erishgan muvaffaqiyatlari siri bilan o‘rtoqlashdi va mamlakatimizda milliy sport turlari, paralimpiya sport turlarini rivojlantirish, shu qatorda ularda xotin-qizlar ishtirokini taʼminlash yuzasidan o‘ziga xos fikr-mulohazalar bildirdi. Talabalar ham uchrashuv qahramoniga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini yo‘llashdi. Shuningdek, mehmon tomonidan Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi prezidenti A.G‘aniyevga hamkorlik uchun minnatdorchilik ramzi sifatida tashakkurnoma topshirildi. Eng yaxshi savol egasiga esa qahramoning mualliflik kitobi sovg‘a qilindi. O‘z navbatida universitet rahbariyati ham Rima Akberdinovna Batalovaga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etdi.
Davra suhbatidan so‘ng faxrli mehmon oliygoh rektori, professor M. Boltabayev boshchiligidagi rahbariyat jamoasi ishtirokida universitet muzeyi va TTJda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘zDJTSU Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi