Xabaringiz bor Osiyo karate federatsiyasi (OKF) prezidenti, general-mayor Nosir Abdulrazzok Al-Razuki boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan shu yil 23-dekabr kuni O‘zbekistonga keldi.
Joriy yilning 24-dekabr kuni faxriy mehmon boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Mahmudjon Boltabayev kutib oldi.
Tadbirda Osiyo karate federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston karate federatsiyasi raisi Alamjon Mullayev, universitetning “Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi mudiri Shuxrat Arslanov va boshqalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda rektor M.Boltabayev so‘nggi yillarda yurtimizda karate sport turini tobora ommalashtirishga berilayotgan eʼtibor va bu borada universitetda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib, universitet tarixi va sportchi-talabalar tomonidan xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida maʼlumot berib o‘tdi.
O‘z navbatida janob Nosir Abdulrazzok Al-Razuki yurtimizda bo‘lib turganidan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan kelajakda hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirishga umid bildirib o‘tdi hamda universitet rahbariyatini Osiyo karate federatsiyasining yirik tadbirlarida ishtirokchi sifatida qatnashish taklifini bildirdi. Shu bilan birga, mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etdi.
Shundan so‘ng, ikki tomonlama anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo karate federatsiyasi (OKF) prezidenti, general-mayor Nosir Abdulrazzok Al-Razukiga universitetning faxriy professor univoni ham berildi.
Shuningdek, faxriy mehmon tashrif doirasida taʼlim muassasasi bilan tanishib, bu yerda talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining karate zaliga tatami va sport jihozlarini taqdim etdi.
O‘zDJTSU matbuot xizmati
https://t.me/uzdjtsu_rasmiy