#xalqaro_hamkorlik
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Umumjahon taekvondo politsiya federatsiyasining ijrochi maslahatchisi, Janubiy Koreyaning Pocheon shahri meri Park Yoon-Guk boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Dastlab delegatsiya a’zolari universitet rektori Rashid Matkarimov boshchiligidagi rahbariyat jamoasi hamrohligida oliygohdagi mavjud sport inshootlari hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, universitet tarix muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng, faxriy mehmonlar va universitet rahbariyati, Sport vazirligi vakili Muqim Arziqulov, rektor maslahatchisi Baek Mun-Jong, kafedra mudirlari, bo‘lim rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida yurtimizda va universitetimizda taekvondo sport turi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va rejalar, mazkur sport turidan malakali mutaxassislar tayyorlash, universitet moddiy texnik bazasini kuchaytirish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik doirasida universitet hududida yangi taekvondo zalini barpo etish va ushbu majmuada har yili hokim Park Yoon-Guk kubogini tashkil qilish kabi muhim masalalar yuzasidan fikrlar bildirilib, takliflar berildi.
Uchrashuv yakunida Sport vazirligi vakili Muqim Arziqulov rektor maslahatchisi Baek Mun-Jongga “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonini topshirdi. Oliygohning taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va xalqaro toifadagi sport ustalari Shamsiddin Qurbonov hamda Mohiniso To‘rayevaga Pocheon shahri meri Park Yoon-Guk tomonidan besh million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari taqdim etildi.