Hindiston 2036-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilish huquqini qoʻlga kiritsa, dunyoning yetti moʻjizasidan biri hisoblangan Toj Mahal Olimpiya oʻyinlarining ramzlaridan biriga aylanishi ehtimoldan yiroq emas.
Bu haqda Times of India nashri xabar tarqatdi. Unda yozilishicha, Toj Mahal majmuasi joylashgan Agra shahri Olimpiya oʻyinlarining musobaqa va tadbirlari oʻtkaziladigan mamlakatdagi 3 ta yirik shaharlardan biri boʻlishi belgilanmoqda. Bu, Hindiston toʻrt yillik oʻyinlarni tashkil etish boʻyicha oʻz pozitsiyasini mustahkamlaganini anglatmoqda.
Hindiston 2036-yilgi Olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qilish arizasini Xalqaro Olimpiya qoʻmitasining (XOQ) Kelajakdagi mezbonlar komissiyasiga joriy yil oktabr oyida taqdim etgan edi. Dastlab, 132 ming oʻrinli Narendra Modi stadioniga ega Ahmadobod va mamlakatning moliyaviy markazi Mumbay Olimpiada tadbirlari oʻtadigan asosiy shaharlar sifatida koʻrsatilgandi. Endi ular safiga Hindiston ramzi sanaladigan Toj Mahal yodgorligiga ega Agra ham qoʻshilishi mumkin.
Dunyoning yetti moʻjizasidan biri Toj Mahalning 2036-yilgi Olimpiya oʻyinlari ramziga aylantirish saʼyi-harakati amalga oshsa, bu nafaqat Hindiston madaniy merosini, balki ulugʻ bobokolonlarimiz temuriylar, boburiylarning boy merosi, qadriyatlari jahon miqyosida ulugʻlanishiga ham xizmat qilishi bilan qadrlidir.
Aytish lozim, 2036-yilgi Olimpiya oʻyinlarini qabul qilish borasida Hindiston harakati Tokio olimpiadasidan avval boshlangan boʻlib, rasman 2023-yili Mumbay shahrida oʻtgan Xalqaro olimpiya qoʻmitasining 141-sessiyasida eʼlon qilindi. Oʻtgan yillar davomida Hindiston olimpiya assotsiatsiyasi bu borada XOQ bilan bir necha bor strategik muhokamalar oʻtkazdi.
Hozirda 2026-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlarini qabul qilishga Indoneziya, Turkiya va Chili davlatlari nomzod sanaladi. XOQning 2036-yilgi Olimpiadani qabul qiladigan mamlakat haqidagi qarori 2025-yildan keyin qabul qilinadi.