Xalqaro sport maydonlarida sportchilarimizning erishayotgan olamshumul g‘alabalarida davlatimizning e’tibori bilan bir qatorda mahoratli va har jihatdan salohiyatli murabbiylar, mutaxassis va seleksionerlarning o‘rni beqiyos. Ular O‘zbekiston sportining shogirdlariga o‘rnak, komil ustozlari sanaladi.
Mamlakatimiz sport ta’limining tayanch dargohi hisoblangan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti aynan shunday mutaxassislarni, trenerlarni, seleksionerlarni tayyorlab kelayotgan o‘quv dargohi hisoblanadi.
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini joriy etish, chet el sport ta’limida faoliyat ko‘rsatayotgan malakali mutaxassislarni jalb etish, moddiy-texnik bazani xalqaro talablar darajasiga moslashtirishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilishi natijasida keyingi yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining yangicha qiyofasi yaratildi. Zamonaviy o‘quv maskanlari, har bir sport turi uchun alohida mashg‘ulot zallari, sport maydonchalari, talabalar shaharchasi, kutubxona, madaniyat saroyi, stadion, yugurish yo‘laklari, istirohat maskanlari bunyod etildiki, bu, qisqa fursatda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekistonda yaxlit jismoniy tarbiya va sport ta’limi tizimining kompleksi vujudga kelganligini anglatmoqda.
Ayni holat Yangi O‘zbekistonning yangi imiji bo‘lish bilan birga O‘zbekiston har jihatdan jismoniy tarbiya va sport sohasi jadallik bilan rivojlanayotgan mamlakatlardan biriga aylanganining yorqin dalili hamdir.
Xo‘sh, biz bunday natijaga qanday erishdik? Qaysi omillar ko‘rsatkichlarimiz sifat jihatdan yaxshilanishiga sabab bo‘ldi? Aytish lozimki, mamlakatimizda boshqa sohalar qatori sportda ham amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xalqaro hamkorlik aloqalarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi, ommaviy sport rivojiga berilayotgan e’tibor natijalarda aks etmoqda. Birgina joriy yil Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, qolaversa, bir qator sport turlaridagi jahon va qit’a chempionatlarida, turli kompleks o‘yinlarda erishilgan natijalar, qo‘lga kiritilgan medallar sarhisobiga ko‘ra, sportchilarimiz umumjamoada yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotganida o‘zbek sportining kuch-qudrati, uning potensiali ne chog‘li yuksakligini amalda ko‘rsatib berdi.
So‘nggi uch yilda sport sohasini tubdan isloh qilish va yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish borasida davlatimiz rahbarining 50 dan ziyod farmon va qarorlari qabul qilinib, ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sport ta’limini rivojlantirishning tub maqsadi insonlarning jismoniy sog‘lig‘ini, psixologik holatini va ijtimoiy faolligini oshirish orqali millat va mamlakatning xalqaro maydondagi salomatlik indekslarida raqobatbardoshligini ta’minlashdan iboratdir.
Ana shu maqsad yo‘lida amalga oshirilgan yangilanishlar natijasida yurtimizda faoliyat ko‘rsatadigan oliy sport ta’lim dargohlari soni ortdi. Shuningdek, 254 ta sport maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 15 ta Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, 7 ta sport turini rivojlantirish respublika markazi, 14 ta ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati, 3 ta gimnastika sport turiga tayyorlash markazi, 2 ta sportning eshkak eshish va gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxirasi sport maktablari qatoriga qisqa fursatda Xalqaro shaxmat akademiyasi, O‘zbekiston dzyudo akademiyasi, Respublika velosport mahorat maktab-internati, Bahodir Jalolov va Oksana Chusovitina nomidagi sport ta’lim maktablari, Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi, Og‘ir atletika markazi, O‘zbekiston karateni rivojlantirish markazi kabi dargohlar qo‘shilmoqda.
Yurtimizda sportchilarni yaxlit bir tizim asosida saralash, yo‘naltirish, tayyorlash mexanizmi vujudga keldi. Bu kelgusidagi yutuqlarga zamin bo‘lishi tayin. 2025-yildan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi o‘z faoliyatini boshlashi yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasining fundamental rivojlanish bosqichini boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumki, 2025-yili Toshkentda yoshlar o‘rtasida Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda munosib ishtirok etadigan sportchi-yoshlarni tayyorlash O‘zbekiston sport ta’limi oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda umumta’lim maktablari, professional va oliy ta’lim tizimini qamrab olgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2 mavsumdan iborat 12 ta sport turi bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazishning unikal tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali sportning ommaviyligi ta’minlandi. Iqtidorli sportchilar saralandi. Mahallalarda sport infratuzilmasi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Talabalar ligasi” sport o‘yinlari, “Yangi nafas”, “Men g‘olib” kabi o‘nlab ommaviy musobaqalar iste’dodli sportchilarni saralash va yetishtirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, yurtimizda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sportga jalb etish tizimi ishga tushirilgani mamlakatimizda insonga e’tibor, g‘amxo‘rlik davlat darajasidagi vazifa ekanligining amaliy ifodasi bo‘ldi. Sport ta’limini rivojlantirishda malakali kadrlar, ya’ni har jihatdan professional trenerlar, hakamlar, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport sohasining boshqa mutaxassislarining o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, mamlakatimizda har jihatdan salohiyatli, xalqaro tajribalarni qo‘llay oladigan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu maqsadlarga erishish yo‘lida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologik loyihalar, kommunikatsion tizimlarni yanada takomillashtirish, raqamlashtirish, mavjud sport majmualarining imkoniyatlarini kengaytirish, o‘yin sport turiga mo‘ljallangan zamonaviy majmualar bunyod etish bugungi kunning muhim vazifasi.
Bugungi globallashayotgan, turfa tahdidlar, yot g‘oyalarning ommaviy madaniyat ko‘rinishida yoshlarimiz tafakkuriga xurujlari ortgan bir pallada jismoniy tarbiya va sportga, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga e’tiborni kuchaytirishni davr taqozo etmoqda. Sportga e’tibor esa millat salomatligiga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Vatan taraqqiyoti, xalqaro maydonda yangi O‘zbekistonning obro‘-e’tibori ortishi millatning salomatligi bilan belgilanadi.
Rashid MATKARIMOV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti rektori, professor.
O'zA