#ko‘chmanchilar_o‘yinlari
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilayotgan “V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari”ning ortda qolgan birinchi musobaqalar kunida o‘zbekistonlik sportchilar 12 ta medallar shodasiga ega chiqdi.
Milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarning 70 kilogramm vazn toifasida terma jamoamiz a’zosi Muxlisa Turdiyeva finalda qozog‘istonlik Azhar Salykova ustidan g‘alaba qozonib, oltin medal sohibi bo‘ldi. Shuningdek, erkaklar o‘rtasida 81 kilogramm og‘irlikdagi bellashuvda yurtimiz sharafini himoya qilgan Arslonbek Tojiyev ham finalda turkmanistonlik Dayanch Omirov ustidan g‘alaba qozonib, g‘oliblikni tantana qildi. Ayollar o‘rtasida 87 kg vazn toifasida bahs olib borgan yana bir kurashchi qizimiz Pokiza Kamoliddinova kumush medalga ega chiqdi. Mas-restling musobaqalarida esa hamyurtimiz Dmitriy Xijinskiy 3-o‘rindan joy oldi.
Shu tariqa 89 ta mamlakatning 2 ming 800 nafarga yaqin sportchilari qatnashayotgan “V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari”ning ilk kunidayoq yurtimiz sportchilari 2 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan 4-o‘rinda bormoqda. Umum jamoada medallar jamg‘arishda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya vakillari yetakchilik qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, bugungacha ishtirokchi davlatlarning 20 tasi u yoki bu darajadagi sovringa ega chiqqan bo‘lsa, 69 ta davlat hisobida haon medallar yo‘q. Bugun, 10-sentyabr kuni o‘yinlarning ikkinchi kunida 7 ta sport dasturida musobaqalar bo‘lib o‘tishi belgilangan. Joriy yilning13-sentyabriga qadar davom etadigan mazkur sport o‘yinlarida 97 ta medallar jamlanmasi uchun musobaqalar tashkil etiladi.
Sportchilarimizga oldinda kutilayotgan musobaqalarda omad tilab qolamiz!