Talabalar sportining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hamda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarning ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov, Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov, o‘qituvchi-professorlar, sport ta’limining yetakchi ekspertlari, sport murabbiylari, talaba-yoshlar ishtirok etgan muloqot davomida mamlakatimizdagi mavjud 203 ta oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 700 mingdan oshiq talabalarning kamida 50 foizdan oshig‘ini sport bilan qamrab olish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan vazifada sport ta’limi mutaxassislarning vazifalari ne chog‘li muhimligi bildirib o‘tildi.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlarda talabalar sporti katta sport uchun zaxira bo‘lib xizmat qilayotgan bugungi kunda mamlakatimizda ham ayni tizimni qo‘llash, buning uchun yurtimizdagi mavjud har bir oliygohda kamida 3 ta olimpiya sport turi bo‘yicha klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularning faoliyatiga ilmiy-metodik ko‘maklashishdi Jismoniy tarbiya va sport universiteti asosiy rol o‘ynashi belgilanganligidan kelib chiqib, ushbu masalada rejali ishlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida aholining ommaviy sport bilan qamrovini 15 millionga yetkazish favqulodda muhim ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, universitetda tahsil olayotgan talaba-sportchilarni, bo‘lg‘usi yosh mutaxassislarni sport maktablariga, mahalla, maktab, oliy o‘quv yurtlaridagi mashg‘ulot maydonlariga yo‘naltirish, nazariy mashg‘ulotlar qatori amaliyotga bosqichma-bosqich jalb etish lozimligi bildirildi.
Muhokamalar yakunida universitetdagi sport turlari bo‘yicha kafedralarning rahbarlariga, tajribali sport murabbiylariga zarur tavsiyalar berildi. Tegishli bo‘lim va yo‘nalishlarga aniq vazifalar yuklandi.