Bugun, 15-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) instruktori, o‘tgan davr mobaynida Belarus, Gretsiya, Quvayt, Liviya, Janubiy Koreya, Filippin, Ruminiya, Saudiya Arabistoni va Tunis davlatlaridagi yetakchi voleybol klublarida va milliy jamoalarda bosh murabbiy sifatida mehnat qilgan Moro Branislav bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Moro Branislav O‘zbekistonda voleybol sportini rivojlantirish va ommalashtirish borasida davlat darajasida e’tibor qaratilayotganligini yuqori baholadi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori professor Rashid Matkarimov hamkorlik uchun Moro Branislavga minnatdorlik bildirdi.
Muhokamalar chog‘ida universitetda murabbiy va sportchilar uchun mahorat darslari va maxsus mashg‘ulotlarni tashkil etish, voleybol musobaqalari bilan sportchi-talabalarni qamrab olish, mahoratli sportchilarni saralash, tanlash tizimini xalqaro talablar asosida o‘tkazish, talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni nufuzli xalqaro sport musobaqalariga tayyorlash, o‘qituvchi va murabbiylar uchun xalqaro seminarlar uyushtirish kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida murabbiy Moro Branislav universitetdagi mavjud sport inshootlari bilan tanishdi. Voleybol sportini rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan moddiy-texnik baza ko‘zdan kechirildi. Hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Moro Branislav kelgusida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida murabbiy sifatida faoliyat boshlashi borasida kelishuvga erishildi.