“Yunusobod” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha harbiy sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati shiddati va jozibali usullari bilan ishqibozlarga bir olam zavq ulashdi.
Kecha, 18-oktabr kuni o‘z tarixida 42-marotaba tashkil etilgan dunyo birinchiligining jamoaviy bahslari ham yakunlandi. O‘n yetti davlat terma jamoalari ishtirokidagi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari avvaliga Turkmaniston, keyin Iordaniya terma jamoasini bir xil 3:0 hisobida yenggan hamyurtlarimiz 1/2 final kurashida Italiya terma jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatining finalida O‘zbekiston-Mug‘uliston jamoalari ro‘baro‘ keldi. Dzyudochilarimiz hal qiluvchi final bellashuvida Mo‘g‘uliston terma jamoasiga “marhamat” ko‘rsatdi. 2:3 hisobida poyoniga yetgan bahsda O‘zbekiston harbiy dzyudochilari kumush medal sohibi bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 9 ta milliy terma jamoalar olimpiya tizimidagi bahslarda tatamiga chiqdi. O‘zbekiston terma jamoasi dastlab Ispaniya terma jamoasini 3:0, murakkab kechgan 1/2 finalda esa Rossiya jamoasini 3:1 hisobida dog‘da qoldirdi. Finalda esa Fransiya terma jamoasi bilan oltin medallar uchun raqobatga kirishdi. Bellashuvlar natijasiga ko‘ra, dzyudochi qizlarimiz raqiblarini 3:1 hisobida kumush medal bilan kifoyalanishga ko‘ndirdi va haqli ravishda harbiy sportchilar o‘rtasida jahon chempionligiga erishdi.
G‘olib va sovrindorlar, chempionatning eng yaxshi dzyudochilari tegishli tarzda diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, dunyo dzyudo ishqibozlari kuzatuvida o‘tgan 42-Jahon jahon chempionatining yakkalik bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronzam jami 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinda yakunladi. Mo‘g‘uliston va Fransiya terma jamoalari kuchli uchlikni egallashdi.