Poytaxtimizdagi "Yunusobod" sport majmuasida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasidagi Jahon chempionatining yakkalik bellashuvlari yakunlarida 13 ta medalga ega chiqqan hamyurtlarimiz dunyoga O‘zbek sportining kuch-qudratini namoyish etdi.
42-jahon chempionatining ikkinchi kungi shiddatli bellashuvlarida mamlakatimiz dzyudochilari 3 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Xususan, jahon chempionatining -81 kilogramm vazn toifasi finalida Hikmatulloh To‘rayev Muso Sobirovni mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Sobirov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Xuddi shuningdek, Rustam Shorahmatov (-100 kg) va Shohruh Baxtiyorov (+100 kg) ham o‘z vaznlarida harbiylar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishdi. Terma jamoamiz a’zolaridan Irisxon Qurbonboyeva (+78 kg) esa kumush medalga ega chiqdi. Bronza medali uchun tatamiga chiqqan Shirinjon Yo‘ldosheva (-70 kg), Mushtariybegim Afzalova (-78 kg) va Bekmurod Oltiboyev (+100 kg) raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.
Chempionatning ikki kunlik bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi harbiylar o‘rtasidagi 42-jahon chempionatida 5 ta oltin, 5 ta kumush, 3 ta bronza medaliga egalik qilgan holda, O‘zbekiston sportining shijoatini namoyish etdi. Bugun, 18-oktyabr kuni jahon chempionatining so‘nggi kunida aralash jamoaviy bahslarda g‘olib va sovrindor jamoalar nomi aniqlanadi.