Ayni kunlarda dunyo dzyudo ixlosmandlarining diqqat-e’tibori Toshkentda harbiy sportchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan 42-jahon chempionatiga qaratilgan. 30 dan ortiq mamlakatdan 400 nafarga yaqin harbiy dzyudochilar ishtirok etayotgan jahon chempionatining ochilish marosimida milliy musiqa sadolari, jozibali kuy-qo‘shiqlar, raqslar, harbiy sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilarga bir olam zavq bag‘ishladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov musobaqa qatnashchilarini qutlab, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganligi e’tirof etdi. 42-jahon chempionatini ochiq, deb e’lon qildi. Davlatimiz madhiyasi yangradi. Xalqaro harbiy sportchilar kengashi (CISM) vakili general mayor Oleg Botsman ishtirokchilarga omad tiladi. Shundan so‘ng dzyudochilarning shiddatli bellashuvlariga izn berildi.
Jahon chempionatining ilk kungi murosasiz bahslarida dzyudochilarimiz 2 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, jami 8 ta medalni qo‘lga kiritdi. Yurtimiz dzyudochilaridan o‘z vazn toifalarida Gulhayo Jo‘rayeva (-52 kg) va Shahram Ahadov (-73 kg) harbiylar o‘rtasida jahon chempioniga aylandi. Mahoratli sportchilarimizdan Halimajon Qurbonova (-48 kg), Abdurahim Nutfullayev (-66 kg), Nigina Saparbayeva (-63 kg) kumush, Laziza Haydarova (-48 kg), Bahrom Boturov (-60 kg) va Nilufar Yermaganbetova (-57 kg) bronza medallariga ega chiqishdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining mutasaddilari, Sport vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillari, dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionlari ishtirok etishdi.
Bugun, 17-oktyabr kuni jahon chempionatining so‘nggi yakkalik bellashuvlarida harbiy sportchilar ayollar o‘rtasida -70, -78, +78 kilogrammda, erkaklar - 81, -90, -100, +100 kilogramm vazn toifalarida dunyoning eng kuchli harbiy dzyudochisi bo‘lish uchun kurash olib borishadi. Shuningdek kun davomida harbiy para dzyudo musobaqalarida ham mahoratlilar aniqlanadi. Chempionat nizomiga muvofiq, ertaga, 18-oktyabr kuni aralash jamoaviy bahslar tashkil etiladi.