Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining to‘rtinchi kungi musobaqalari ostonasida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta medal bilan 67 ta davlat orasida umumjamoa hisobida 9-o‘rinni egallab turibdi.
Kecha o‘tkazilgan uchinchi kungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan -90 kilogramm og‘irlikda vatanimiz sharafini himoya qilgan Alisher Samanov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Medallar jamg‘arish borasida Yaponiya terma jamoasi 6 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. 1 ta oltin, 2 ta kumush medalli Xitoy terma jamoasi ikkinchi o‘rinni, 1 ta oltin va 1 ta bronza medaliga ega chiqqan Fransiya terma jamoasi 3-o‘rinni band etgan. 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasidan oldingi qatorlarda Avstriya, Gruziya, Italiya, Tojikiston va Shveysariya terma jamoalari borishmoqda.
Bugungacha 18 davlat terma jamoalari hisobida kamida 1 ta medal mavjud bo‘lib, shundan 5 ta davlat yosh dzyudochilari oltin medalli bo‘lishgan. Bugun, 5 oktyabr kuni jahon chempionatining to‘rtinchi kunida o‘g‘il bolalar -100, +100 kiloda, qizlar -78 va +78 kilogrammda medallar uchun tatamiga chiqishadi. Bugungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Shirinjon Yo‘ldosheva, Mohlaroyim To‘xtamisheva, Umida Nig‘matova, Muhammadsodiq Sodiqov va Fazliddin Rafiqov bahslarni o‘tkazishadi.
Eslatib o‘tamiz, 67 mamlakatning 531 nafar yosh dzyudochi ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionatining ertaga o‘tadigan so‘nggi kungi musobaqalarida aralash jamoaviy bellashuvlar tashkil etiladi.