Jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, taʼlim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda olib borilayotgan tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilash, provardida tizimda qoʻlga kiritiladigan yutuqlarga omil boʻladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bundan ikki yil muqaddam imzolangan "Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar va talablarning ijrosi taʼminlanayotganligi oʻtgan yili Xitoyda oʻtgan Osiyo oʻyinlarida, shuningdek joriy yil Fransiya poytaxtida yakunlangan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlaridagi natijalarda oʻz aksini topdi.
Qolaversa, oʻtgan davr mobaynida jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarining kengayishi, yuqori texnologik loyihalarning sport sohasiga joriy etilishi Oʻzbek sportining “Oltin avlodi”ni tarbiyalashning aniq mexanizmlarini yaratilishi sari yangicha tizimni vujudga keltirmoqda.
Mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlash, ularni yuqori natijalarga erishishini taʼminlashda xalqaro tajribani joriy etilishi, boshqaruv tizimida raqamlashtirishga oʻtish sari tashlangan qadam ham oʻziga xos poydevor boʻldi, deyish mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tomonidan “Olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirishning ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida oʻtkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida shu haqda soʻz bordi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R.Matkarimov, Oʻzbekiston Sport vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari M.Arziqulov, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori M.Mirjamolov va institut yetakchi xodimi F.Kerimov, Shandong sport universiteti doktori Xu Xiangqian (Xitoy) va Koln nemis sport universiteti professori G.Korobeynikov (Germaniya) va Leyisa Georgiyevna kabi bir qator xorijiy olimlar Oʻzbekiston sportida keyingi yillarda erishilayotgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar ortida yangi Oʻzbekiston tamoyili asosida olib borlayotgan saʼy-harakatlar mujassmaligini taʼkidlashdi.
Anjuman davomida sport sohasida yosh olim va yetakchi mutaxassislar va murabbiylarni tayyorlashning ahamiyati hamda bu yoʻnalishda eʼtibor berilishi lozim boʻlgan jihatlar qizgʻin muhokama qilindi.
Bildirilgan fikrlar jamlanmasi sifatida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalaridan kelib chiqib, kelgusi yili qitʼa yoshlari oʻrtasida mamlakatimizda oʻtadigan Toshkent-2025 Osiyo oʻyinlari, qolaversa 2028-yilgi Olimpiada oʻyinlariga sportchilarni tayyorlashda ilmiy-metodik yondashuv zarurligi, davlatimiz rahbarining Parij-2024 ishtirokchilari bilan uchrashuvda soha mutasaddilari oldiga qoʻygan vazifalarga sidqidildan yondashuv zarurligi bildirib oʻtildi.
Anjuman yakunida esa xitoylik olim Xu Xiangqian “Jismoniy tarbiya sport ilmiy tadqiqotlari fidoyisi” esdalik nishoni bilan taqdirlanib, manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.