#xalqaro_turnir
Bugun, 13-may kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan boks bo‘yicha 2005-yil va undan katta yoshdagi erkaklar o‘rtasida XALQARO OCHIQ TURNIR boshlandi.
Turnir O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi Oliy va professional ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Farxod Turdiyev hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Bahrom Musayev tomonidan ochib berildi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston boks federatsiyasi Bosh kotibi Shohid Tillaboyev so‘zga chiqib, mazkur nufuzli sport musobaqasining ahamiyati va uning sportchilar mahoratini oshirishdagi o‘rni haqida o‘z fikrlarini bildirib, ishtirokchilarga omad tiladi.
Shundan so‘ng Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi direktori Mahmudjon Boltabayev musobaqada ishtirok etayotgan xorijlik murabbiylar va bir guruh boks sohasi faxriy murabbiylarini uzoq yillik samarali mehnatlarini inobatga olib ularga vazirlik tomonidan taqdim etilgan qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Ushbu musobaqada Xitoy Taypeyi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog’iston Respublikasi, shuningdek Respublikaning barcha hududlaridan ishtirok etayotgan jami 200 ga yaqin charm qo‘lqob ustalari g‘oliblik uchun o‘zaro janglarga kirishdilar.
Eslatib o‘tamiz, ushbu nufuzli musobaqa 2024-yil 18-may sanasiga qadar davom etadi.