Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes terma jamoani tark etdi.
Bu haqda milliy terma jamoamizning mamlakatimizda o‘tgan jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari, murabbiylar va ular qatorida Xose Venansio Lopes qatnashgan yig‘ilishda futzalchilarimizning jahon chempionatidagi ishtiroki tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, turli yosh toifasida terma jamoalarni shakllantirish, klublar o‘rtasidagi turnirlarni ko‘paytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Xose Venansio terma jamoaga barcha sharoitlar taqdim etilganini qayd etib, zavq bilan ishlaganini, do‘stona aloqalarni saqlab qolish niyatida ekanligini bildirib o‘tdi.