Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining ortda qolgan birinchi kungi musobaqalari sarhisobiga ko‘ra, 3 ta oltin, 3 ta kumush medal bilan dzyudo vatani vakillari Yaponiya terma jamoasi yetakchilik qilmoqda.
1 ta oltin medal bilan Xitoy terma jamoasi 2-o‘rinni, 1 ta kumush medalga ega chiqqan Tojikiston vakillari 3-o‘rinda bormoqda. Bittadan bronza medaliga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston, Italiya, Braziliya, Qozog‘iston, Fransiya, Janubiy Koreya terma jamoalari keyingi pog‘onalarni band etgan.
Aytish lozim, kecha jahon chempionatining -60 kilogrammida yurtimiz sharafini himoya qilgan Murodil Murodillayev terma jamoamizga bronza medalini taqdim etgandi. Bugun, 3-oktabr kuni jahon chempionatining ikkinchi kunida o‘g‘il bolalar o‘rtasida -73, -81 kilogrammda, qizlar orasida -57 va -63 kilogramm og‘irlikda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Mazkur vazn toifalarida O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar yosh dzyudochisi medallar uchun kurashga kirishadi. -57 kilogrammda Despina Bochkova Mo‘g‘uliston vakili Ariunzaya Terbishni bilan, -63 kiloda Marjona Nurulloyeva gruziyalik Nona Doliashvili bilan, -73 kilogrammda Hojiakbar Toshev Qirg‘iz Respublikasi vakili Nurmahammed Bakirdinov va Mo‘g‘uliston terma jamoasi a’zosi Yenhtur Jugdergarav juftligi g‘olibi bilan, -73 kilogrammda tatamiga chiqadigan Mardon Ravshanov hindistonlik Arun Kumar bilan ilk bellashuvlarda ro‘baro‘ keladi.
Sportchilarimizga oldindagi bahslarda omad tilaymiz!