#davra_suhbati
2024-yil 17-oktabr kuni O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazi hamda Chirchiq shahar Jinoyat qidiruv bo‘limi bilan hamkorlikda “Biz sog‘lom turmush tarzini tanlaymiz” shiori ostida giyohvandlik va narkomaniyaga qarshi kurash bo'yicha davra suhbati o'tkazildi.
Unda universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Sherzod Mirzanov, rektor maslahatchisi Umar Turakulov, Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazi vrach epidimologi Roxila Yusupova, Chirchiq shahar Jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili podpolkovnik Baxodir Nosirov, shuningdek, oliygohning Xalqaro kurash turlari, Futbol, Milliy kurash turlari, Taekvondo, qilichbozlik, Qishki va murakkab texnik sport turlari hamda Yengil atletika nazariyasi va uslubiyati kafedralari mudirlari, professor-o'qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Suhbat davomida soha mutaxassislari “Asr vabosi”ga aylanib ulgurgan giyohvandlik bugungi kunda dunyo miqyosida millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotganligi, ayniqsa, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar inson sog‘lig‘i va xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotganligi, natijada bunday salbiy holatlar oldini olish va unga qarshi kurashish xalqaro miqyosda tus olganligi to'g'risida zaruriy ma'lumotlar berildi. Shuningdek, so'nggi vaqtlarda yoshlar orasida turli huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari ham ko'payib borayotgani borasida fikrlar bildirilib, talaba-yoshlarni bunday salbiy xatti-harakatlardan yiroq yurishlari, har qanday jinoyatga jazo muqarrarligi alohida ta'kidlandi.
Davra suhbati mobaynida tadbir ishtirokchilari o‘z savollariga mutaxassislar tomonidan zarur javoblarni oldilar.