Davlatimiz rahbarining 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida sport taʼlimida malakali kadrlarni tayyorlash, taʼlim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilgʻor xorijiy sport-taʼlim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish maqsadida dunyoning bir qator ilgʻor taʼlim muassasalari bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. Hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Litva sport universiteti bilan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamkorlikda yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot koʻnikmalarini rivojlantirish loyihasi joriy etildiki, bu, oʻz navbatida Yevropadagi yetakchi sport taʼlim muassasasining taʼlim jarayonini oʻrganish, uning ilgʻor tajribasini tadqiq etish, yosh olimlarga mustaqil ravishda ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini bermoqda. Bu oʻz navbatida Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport universiteti yosh olimlariga xalqaro sport taʼlimining ilmiy faoliyat jarayonlari bilan yaqindan tanishishlari, koʻnikmalarni egallashlari uchun keng imkoniyat yaratadi.
Shu maqsadda oʻzbekistonlik oʻn nafar yosh olimlar oʻtgan yili Litva sport universitetida boʻlib, litvalik professor-oʻqituvchilar va yetakchi tadqiqotchilar bilan sport taʼlimida bir qator tadqiqotlarni oʻtkazishda. Mahoratli sport mutaxassislari, trenerlar tayyorlash, mashgʻulot tizimida sportchilarga beriladigan koʻnikmalarni kuchaytirish borasida nazariy va amaliy mashgʻulotlarda qatnashdi.
Bundan tashqari, Litva sport taʼlimida katta ilmiy salohiyatga ega olimlar tomonidan sport pedagogikasi, sport menejmenti, sport fiziologiyasi, sport reabilitatsiyasi va fan falsafasi, sportda etika va metodologiya sohalarida “Oʻzbekiston” sport fanlari boʻyicha modullar ishlab chiqilishi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu modullar global tadqiqot tendensiyalarini qamrab oladi. Modullar joriy yilning aprel–iyun oylarida masofaviy taʼlim shaklida joriy etildi. Oktabr va noyabr oylarida 8 nafar Litva sport universiteti olimlari Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti olimlari uchun oflayn maʼruzalar oʻqishi, davra suhbatlari, treninglar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti yosh olimlari Litva sport universitetining toʻrt xil ilmiy guruhiga jalb etish borasida kelishuvga erishildi.
Bu, shubhasiz, jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam berishi bilan birga Litva-Oʻzbekiston taʼlim va fan muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradi. Har ikki davlatning ijobiy imijini shakllantirishga ragʻbat berishi, xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga, sport taʼlimi tizimidagi ilgʻor tajribalarni tadqiq etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.