Bugun, Londonda dunyodagi eng yirik rasmiy shaxmat ligasi – “Global Chess League "Tech Mahindra" ning ikkinchi tur musobaqalari boshlanadi.
Besh karra jahon chempioni va jahonning amaldagi birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen, sobiq jahon chempioni Vishvanatan Anand, dunyoning ikkinchi raqamli shaxmatchisi Hikaru Nakamura, 21 yoshli Aliriza Firuzja, ayollar o‘rtasida sobiq jahon chempionlari Xou Yifan, Aleksandra Kostenyuk, Tan Chjunji, ko‘plab yetakchi grossmeysterlar, shuningdek hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov ishtirokidagi murosasiz jamoaviy bellashuvlar jahon shaxmat ishqibozlari e’tiborini Buyuk Britaniyaga qaratgan.
Noyob shaxmat musobaqasi hisoblangan liga bahslarida 6 ta jamoa Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine SG Pipers”, Vishvanatan Anand boshchiligidagi “Ganges Grandmasters”, Maksim Vachiyer-Lagrave rahbarligidagi “upGrad Mumba Masters”, Anish Giri yetakchiligidagi “PBG Alaskan Knights”, Alirizo Firuzja sardorligidagi “Triveni Continental Kings” va Hikaru Nakamura rejissyorligidagi “American Gambits” jamoalari kuch sinashadi.
Shuni alohida qayt etish joizki, har bir jamoa 6 nafar shaxmatchidan iborat bo‘lib, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov “PBG Alaskan Knights” jamoasida dona sursa, Javohir Sindorov “Triveni Continental Kings” sharafini himoya qiladi.
Bugun musobaqa dasturiga binoan “upGrad Mumba Masters”-“American Gambits”, “Ganges Grandmasters”- “Alpine SG Pipers”, “PBG Alaskan Knights”- “Triveni Continental Kings” jamoalari ishtirokida dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ko‘rinib turibdiki, liganing ilk turida shaxmat ishqibozlari Karlsen, Anand, Giri, Firuzdja, Nakakmura, Abdusattorov singari yetakchilar qarama-qarshiligidagi shiddatli “aql janglari”ga guvoh bo‘lishadi. Bahslar 12-oktyabrga qadar davom etadi.